05/08/2026
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri blok poyezd yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, transport-logistika aloqalarini mustahkamlash yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi.
Ikki davlat o‘rtasida ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri blok-poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 2026-yil 30-iyul kuni Belarus Respublikasining Orsha-Vostochniy stansiyasidan yo‘lga chiqqan “Slavyan karvoni” nomli birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri blok-poyezd qariyb 6 kun davomida 4 ming kilometrga yaqin masofani bosib o‘tib, 2026-yil 5-avgust kuni Toshkent shahridagi Chuqursoy stansiyasiga muvaffaqiyatli yetib keldi.
Yangi yo‘nalishning ishga tushirilishi munosabati bilan blok-poyezd tantanali ravishda kutib olindi. Tadbirda mazkur tashabbus O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi transport-logistika hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishi, yuk tashish jarayonlarini yanada tezkor va samarali tashkil etish hamda savdo hajmini oshirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalish samaradorligini ta’minlashda temir yo‘l infratuzilmasining barqaror faoliyatini yo‘lga qo‘yish, stansiyalarning o‘tkazuvchanlik imkoniyatlarini kengaytirish, yuk oqimlarini xavfsiz va uzluksiz tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda
Yangi yo‘nalish — yangi imkoniyatlar, mustahkam hamkorlik sari yana bir muhim qadam!